Muallif: Nazarova, Hilola
Annotatsiya: Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asari qomusiy asar bo'lib, uning asosiy qismini tashkil etuvchi maqolat va hikoyatlarda barcha zamonlar uchun o'ta dolzarb bo'lgan barkamol avlod, komil inson haqidagi ulug' mutafakkirning teran axloqiy-ma'naviy, ijtimoiy-falsafiy mulohazalari badiiy ifodasini topgan. Turkiy adabiyot tarixida bunday asarlar ramziy-majoziy obrazlarning turli masalalarga oid savol-javobi (Yusuf Xos Hojibning “Qutadg'u bilig”) yoki asar muallifining hadislarga tayanib insonning ma'naviy kamolatga yetkazuvchi fazilatlari hamda uni jaholat botqog'iga chorlovchi nuqsonlarini qiyoslash (Ahmad Yugnakiy “Hibat ul-haqoyiq”) uslubi bilan vujudga kelgan bo'lsa, Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror”dostoni kuzatilgani singari “Hayrat ul-abror”da ham ijodkorning barkamol shaxs haqidagi o'ylari maqolatlarda yorqin in'ikosini topgan. Asardagi hikoyatlar esa maqolatlarda ilgari surilgan tayanch g'oyalarni kitobxon shuuriga yanada teranroq ta'sir etishi, uning mavzu bilan mukammalroq tanishishiga imkon yaratadi. “Hayrat ul-abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”) janr xususiyati va kompozitsiya tuzilishi jihatidan “Xamsa”ning boshqa dostonlaridan tubdan farq qiladi. “Hayrat ul-abror” falsafiy-ta’limiy dostondir. Bu asarida Navoiy falsafiy, ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy qarashlarini bayon etish, kishilarga ta’lim va o’git berishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Doston boshdan oyoq orifona ruxda ifodalangan.Navoiy “Hayrat ul-abror”da o’zi e’tiqod qilgan shayxlar ,valiylar siymosini chizib ular orqali iymon va e’tiqod g’oyalarini ilgari surgan.
Kalit so'zlar: ”Hayrat ul-abror”,so’fiyona, orifona, iymon,islom, Ibrohim Adham, Robiya Adviya, Abdulloh Ansoriy, Boyazid Bistomiy.